+998 (66) 221 72 62 samkoica@umail.uz Samarqand sh. Spitamen ko'chasi 264a

SAMARQAND SHAHRIDAGI KASB-HUNARGA O’QITISH MARKAZI

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 15 maydagi “Koreya Respublikasi hukumatining grantini jalb qilgan holda Samarqand shahrida kasb-hunarga o’qitish markazini tashkil etish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 122 – sonli qaroriga muvofiq Samarqand shahrining markaziy ko’chalaridan biri Spitamen ko’chasida  o’quv markazining ma’muriy, o’quv-laboratoriya binolari, 60 o’rinli yotoqxonasi va boshqa yordamchi binolari qisqa muddatlarda qurib bitkazildi. 2016 yilning 6 oktyabr kuni Markazning tantanali ochilish marosimi o’tkazildi.

Samarqand shahridagi kasb-hunarga o’qitish markazida tashkilot va muassasalar buyurtmasiga asosan, har yili tuman, shahar Bandlikka ko’maklashish markazlari tomonidan yo’llanma asosida yuborilgan ishsiz  yoshlarni zamonaviy kasblarga qayta o’qitish amalga oshiriladi. Vazirlar Mahkamasining yuqorida qayd qilingan qaroriga asosan markazda ishsizlarni va vaqtincha band bo’lmagan aholini, shu jumladan kasb-hunar kollejlarini va akademik liseylarni bitirgan doimiy ishga ega bo’lmagan shaxslarni, o’qitish muddati 1 yildan ortiq bo’lmagan muddatda avtomobillarni ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko’rsatish (avtoslesarlar, motoristlar, avtomobillar diagnostikasi bo’yicha mutaxassislar), payvandlash va chilangarlik ishlari (payvandchilar, chilangarlar va metallarga ishlov berish mutaxassislari), elektrotexnika va elektronika (elektron va maishiy texnikani, radio va teleapparaturani ta’mirlash va ularga servis xizmat ko’rsatish mutaxassislari), axborot texnologiyalari (hisoblash mashinalari operatorlari, kompyuterlar va boshqa tashkiliy texnikaga xizmat ko’rsatish va ularni ta’mirlash) mutaxassisliklari bo’yicha kasb-hunarga tayyorlash va qayta tayyorlash amalga oshirilishi belgilangan.

Markazda eng zamonaviy o’quv-laboratoriya jihozlari, uskuna va dastgohlar, o’quv qurollari Koreya Respublikasidan olib kelib o’rnatilgan. Mehnat bozorida yuqori talabga ega bo’lgan kasblar va mutaxassisliklar bo’yicha korxonalar bilan tuzilgan shartnomalar asosida qisqa muddatli pulli o’qitish kurslari ham tashkillashtirilishi belgilangan.

O’quv markazining o’ziga xosligi shundan iboratki, barcha yo’nalishlar bo’yicha O’zbekiston Davlat ta’lim standartlari talablari asosida jahon tajribasini inobatga olgan holda butunlay yangi o’quv rejalari va dasturlari tayyorlangan va amalga oshirilmoqda. Buning uchun Koreyaning KOICA tashkiloti tomonidan Koreya Respublikasining yetakchi Universitetlaridan 5 nafar professor ekspertlar 2016 yilning yanvar – fevral oylarida Samarqandda xizmat safarida bo’lishdi. Safar davomida ular markaz uchun o’qituvchilar tanlovini o’tkazishdi. Tanlovdan o’tgan o’qituvchilar bilan har bir mutaxassislik bo’yicha o’quv rejalari, fanlar dasturlarini tayyorlashdi. Tanlangan o’qituvchilar iyun-iyul oylarida ikki oyga o’qish uchun Koreya ta’lim va texnologiyalar universitetiga yuborildi. Koreyalik professorlar va bizning o’qituvchilar tomonidan birgalikda har bir mutaxassislik bo’yicha darsliklar tayyorlandi va chop etildi. O’quv rejaga asosan o’qish muddati 10 oy qilib belgilangan, bundan olti oyi markazda amaliy mashg’ulotlar o’tkaziladi, to’rt oy ishlab chiqarish korxonasida amaliyot o’tiladi. Barcha darslar amaliy tarzda o’tkazilib, nazariy ma’lumotlar shu mashg’ulotlarning o’zida amaliyot bilan birgalikda berib boriladi.

Markazni tamomlagan bitiruvchilar o’z ish joylariga ega bo’lishlari uchun asosiy mezon bu bitiruvchilar malakalarining korxonalar talablariga javob bera olishidir. Ushbu talablarni yaqindan bilish, ularni o’quv jarayonida doimiy ravishda hisobga olish uchun korxona va muassasalar bilan hamkorlik masalalariga alohida e’tibor berish talab etiladi. Hozirda Samarqand Avtomobil zavodi, MAN-Auto Uzbekistan, UzautoTrailer, EL-XOLDING, SINO OAJ, Uzavtotexxizmat AJ kabi yirik korxonalar bilan o’zaro hamkorlik o’rnatilmoqda.

Bugungi kunda markazda jami 240 nafar o’quvchi tahsil olmoqda. Bu yoshlar kelajakda aniq ish o’rinlariga ega bo’lishi uchun ishsiz fuqaro, bandlikka ko’maklashish markazi va fuqaroni ishga oladigan korxona hamda markaz tomonidan to’rt tomonlama shartnomalar imzolangan. O’quvchilar markazda olti oy davomida tahsil olgandan keyin tuzilgan shartnomaga asosan to’rt oy davomida korxonada ishlab chiqarish amaliyotini o’taydi. Bu davrda ular shu korxonaga moslashishi va kelajakda ishlab qolishlari uchun zamin yaratiladi.

Markazning tashkil etilishi ishsiz yoki vaqtincha band bo’lmagan fuqarolarni qisqa muddatda qayta tayyorlash va kafolatlangan ish bilan ta’minlash imkonini beradi.

Texnika fanlari doktori, Professor

Ergashev Ismoil Tashkentovich